Воскресенье, 2024-12-22, 5:10 PM
 
Boshi Registratsiya Kirish
Sizning nikingiz "Mexmon"
Sayt menyusi
Yangiliklar bo'limi
Saytlar [1]
Internet va kompyuter [6]
Radio va TV [2]
Loyihalar [2]
Sharxlar va fikrlar [4]
Texnologiyalar [13]
Uyali aloqa vositalari [38]
Qiziqarli va kulgili [3]
REKLAMA
Sayt yangiliklari
» 2007 » Январь » 7 » Qo‘l - rulda, ko‘z yo‘lda bo‘lsin
Qo‘l - rulda, ko‘z yo‘lda bo‘lsin

2007 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi taqiqlanadi.

Mamlakatimizda boshqa ko‘plab sohalar qatori yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida ham zalvorli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab havas qilsa arzigulik keng va ravon yo‘llar qurilib, mavjudlari ta’mirlanyapti. Zamonaviy ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar bunyod etilayotir. Gavjum ko‘chalarimizda yerosti o‘tish yo‘llari, svetoforlar, tegishli belgilar, yo‘l harakati ishtirokchilari uchun zarur boshqa ko‘plab qulayliklar yaratilmoqda.

Bularning barchasi nainki ko‘cha va yo‘llarimizning qiyofasiga zamonaviy tus bag‘ishlamoqda, ayni chog‘da yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarimizning sog‘lig‘i, hayoti va mulkini asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.

Iqtisodiy islohotlarimizning salmoqli natijalari aholi farovonligi yuksalib borayotganida o‘z aksini topayotir. Eski tuzum - taqchillik zamonida yurtdoshlarimiz uchun avtomobil - shohona hayot belgisi, aksar hollarda, hatto ushalmas orzu edi. Endilikda u kishilarimizning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladigan, biznesini samarali yuritishi uchun qo‘l keladigan qulay va odatiy transport vositasiga aylangan.

Hozirgi kunda yurtdoshlarimizning ko‘pchiligi xonadonida mashina, shaxsiy kompyuter, oila a’zolarida uyali aloqa telefoni mavjud. Bu mahobat emas, balki bugungi hayotimizning real voqeligidir. Boshqacha aytganda, yurtdoshlarimiz dunyoning rivojlangan davlatlari fuqarolari qatori texnika taraqqiyotining barcha yutuqlaridan keng foydalanmoqdalar.

Taraqqiyotning ana shu ne’matlarini istifoda etish huquq va imkoniyatlari, o‘z navbatida, ma’lum burch va mas’uliyatni yuzaga keltirishi tabiiydir. Xususan, avtomobilni boshqarish chog‘ida uyali aloqa telefonidan foydalangan kishi, xohlasa-xohlamasa, ham o‘z hayotini, ham atrofidagilar hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Chunki odam nechog‘li hushyor, ziyrak, epchil bo‘lmasin, telefon qo‘ng‘irog‘i va go‘shakdan eshitilgan tasodifiy xush yoki noxush xabar, baribir, uning diqqat-e’tiborini chalg‘itadi, xayolini o‘g‘irlaydi. Transport qatnovi gavjum, tezligi esa anchayin katta bo‘lgan ko‘cha o‘rtasida, tirband chorrahada yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishi uchun shu arzimas soniyalarning o‘zi kifoya.

Shuning uchun dunyoning saksonga yaqin mamlakatida avtotransport vositasini boshqarish paytida uyali aloqa telefonlaridan foydalanishni man etuvchi qonunlar qabul qilingan. Jumladan, bunday huquqbuzarlik sodir etgan haydovchiga Fransiyada - 50-70, AQSHning bir qancha shtatlarida – 150, Polshada esa 1200 AQSH dollari miqdorida jarima solinadi. Portugaliya, Germaniya va Rossiyada bu borada joriy etilgan jarimalar miqdori ham kam emas. Dunyoning aksariyat davlatlarida ana shunday qat’iy choralar belgilangani bejiz emas. Zero, bu o‘rinda gap inson manfaatlarini himoya qilish, uning hayoti va sog‘ligini saqlash, mulkini asrab-avaylash haqida bormoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan 2006 yil 26 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun imzolandi. Unga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, jumladan, 1281-modda bilan to‘ldirilgan bo‘lib, bu qo‘shimcha qayd etilgan masalaga mamlakatimiz hududida ham huquqiy yechim topish va, umuman, milliy qonunchiligimizni jahon andozalariga moslashga qaratilgan.

Yangi moddaga ko‘ra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, haydovchiga eng kam ish haqining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solinadi yoki u transport vositasini boshqarish huquqidan olti oygacha muddatga mahrum etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, ayni paytda qonunchiligimizga kiritilgan ushbu yangilikni aholi o‘rtasida keng targ‘ib etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bunda ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar, shuningdek, bosh boshqarma inspektorlarining haydovchilar bilan bevosita muloqotlari doirasidagi tushuntirish ishlari, ayniqsa, yaxshi samara bermoqda.

- Shunday muloqotlar chog‘ida “Uyali aloqaning haydovchilar uchun qulay bo‘lgan rusumlaridan foydalanish mumkinmi?” qabilidagi savollar ham berilmoqda, - deydi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi katta inspektori, podpolkovnik Mansur Rixsiyev. - Xalqaro ekspertlarning xulosalariga qaraganda, bunday hollarda yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lish ehtimoli olti barobargacha ortar ekan. Shu bois biz haydovchilarga ularni harakat chog‘ida chalg‘itadigan har qanday telefon so‘zlashuvlari mumkin emasligini tushuntiryapmiz.

Demokratik huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan dadil bormoqdamiz. Bunday maqomdagi davlat, bu taxlit sifatga ega jamiyatning tayanch ustunlaridan biri – qonunni hurmat qilish va qonunga itoatkorlikdir. Nomi qayd etilgan qonun ham bundan mustasno emas.

(Bir.uz)

Kategotiya: Sharxlar va fikrlar | Ko'ruvchilar: 1842 | Qo'shib qo'ydi: JET | Reyting: 0.0 |
Yangiliklar kalendari
«  Январь 2007  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031
Kirish formasi
Yangiliklardan qidirish
Sayt do'stlari
Statistika